Bosh sahifaga qaytish

Sabot ilovasi — maxfiylik siyosati

Oxirgi yangilangan: 2026-yil 12-noyabr

Qisqacha

Ilovada roʻyxatdan oʻtish yoʻq — hisobni oʻquv markazingiz ochadi. Ilova faqat oʻqish uchun kerakli maʼlumotni koʻrsatadi: davomat, baholar, vazifalar va toʻlovlar. Reklama, kuzatuv kodlari va analitika yoʻq, joylashuv va kontaktlar ishlatilmaydi. Maʼlumotlarni sotmaymiz. Hisobingizni oʻchirtirish uchun markazingizga yoki bizga murojaat qiling.

1. Biz kimmiz

Sabot — oʻquv markazlari va maktablar uchun boshqaruv tizimi. Ushbu siyosat Android va iOS uchun «Sabot» mobil ilovasiga (uz.sabot.app) taalluqli. Sabot.uz saytining oʻzi uchun alohida maxfiylik siyosati bor.

Maʼlumotlaringiz boʻyicha savollar: Telegram @sabot_erp, +998 93 948 88 22.

2. Hisob qanday ochiladi

Ilovada roʻyxatdan oʻtish yoʻq. Hisobni oʻquv markazingiz ochadi va sizga markaz kodi hamda login beradi. Maʼlumotlaringizni markaz kiritadi va boshqaradi; Sabot ularni markaz nomidan saqlaydi va qayta ishlaydi.

3. Qanday maʼlumot ishlatiladi

  • Hisob maʼlumoti: ism-familiya, telefon raqami, oʻquvchi ID raqami, rol (oʻquvchi, ota-ona, oʻqituvchi, xodim).
  • Oʻquv maʼlumoti: guruhlar, dars jadvali, davomat, baholar, uy vazifalari va ularga biriktirilgan fayllar, reyting va yutuqlar.
  • Moliya maʼlumoti: toʻlovlar tarixi va qarzdorlik, oʻqituvchi uchun — oylik. Ilovada toʻlov qilinmaydi va karta raqami soʻralmaydi.
  • Rasm va video: profil rasmi va toʻlov cheki rasmi (galereyadan siz tanlaganingizda — chekni markaz moliyachisi tekshiradi), oʻqituvchi darsdan yuboradigan surat (kamera orqali), oʻqituvchi yuklaydigan dars videolari.
  • Bildirishnoma tokeni: push xabar yuborish uchun qurilmaning identifikatori.
  • Texnik maʼlumot: ilova versiyasi va platforma (Android yoki iOS) — eski versiyani yangilashni soʻrash uchun.

Ilovada reklama, kuzatuv kodlari va analitika yoʻq. Joylashuv, kontaktlar va mikrofon ishlatilmaydi.

4. Qurilmada qoladigan maʼlumot

  • Kirish tokenlari qurilmaning himoyalangan xotirasida saqlanadi (Android Keystore, iOS Keychain).
  • Oxirgi koʻrilgan maʼlumot internet boʻlmaganda koʻrinishi uchun qurilma keshida turadi va hisobdan chiqqanda oʻchiriladi.
  • Face ID yoki barmoq izi faqat qurilmaning oʻzida tekshiriladi — biometrik maʼlumot bizga yuborilmaydi.

5. Nima uchun ishlatiladi

Faqat ilova ishlashi uchun: markazdagi oʻqish, davomat, vazifa va toʻlov maʼlumotlarini koʻrsatish, oʻqituvchi va markazga ish yuritishda yordam berish, muhim xabarlarni yetkazish. Maʼlumot asosida reklama koʻrsatilmaydi va profil tuzilmaydi.

6. Kimga beriladi

Maʼlumotlarni sotmaymiz va reklama uchun hech kimga bermaymiz. Ular faqat xizmat koʻrsatuvchi texnik hamkorlarda, bizning topshirigʻimiz bilan qayta ishlanadi:

  • server va maʼlumotlar bazasi — DigitalOcean;
  • fayllar (rasm, video, vazifa fayllari) — Cloudflare R2;
  • push bildirishnomalar — Expo, Google Firebase va Apple Push Notification;
  • AI yordamchi (ota-ona va oʻqituvchi boʻlimidagi savol-javob) — savolingiz va javob uchun kerakli oʻquv maʼlumoti Anthropic (Claude) ga yuboriladi.

Qonun talab qilgan hollarda maʼlumot vakolatli davlat organlariga berilishi mumkin.

7. Himoya

Barcha aloqa shifrlangan (HTTPS). Har bir markazning maʼlumoti boshqa markazlardan ajratilgan. Zaxira nusxalar shifrlangan holda saqlanadi.

8. Saqlash muddati va oʻchirish

Maʼlumot siz markazda oʻqiyotgan yoki ishlayotgan muddat davomida saqlanadi. Hisobingiz va maʼlumotlaringizni oʻchirish uchun oʻquv markazingizga yoki bizga (Telegram @sabot_erp, +998 93 948 88 22) murojaat qiling — soʻrov 30 kun ichida bajariladi. Qonun talab qilgan moliyaviy yozuvlar belgilangan muddatgacha saqlanishi mumkin.

9. Bolalar

Ilovadan oʻquvchilar, jumladan voyaga yetmaganlar ham foydalanadi. Ularning hisobini oʻquv markazi ota-ona yoki vasiy roziligi asosida ochadi. Ilovada reklama va bolalarni kuzatish yoʻq.

10. Oʻzgarishlar

Siyosat oʻzgarsa, shu sahifada yangilangan sana bilan eʼlon qilinadi.